Fors-major holatlarini tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

O‘zbekistonda boshlangan yoki bo‘lib o‘tgan yengib bo‘lmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibi belgilandi – tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistondafors-major holatlarini tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu haqida Hukumatning 625-sonli qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentda nazarda tutilgan.
Reglament bilan tashqi savdo bitimlari, xalqaro moliya yoki investitsiya kelishuvlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq O‘zbekistonda boshlangan yoki bo‘lib o‘tgan yengib bo‘lmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, fors-major holatlari vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hamda QR-kod bilan rasmiylashtiriladigan elektron shakldagi sertifikatni berish orqali tasdiqlanadi.
Talabgorga sertifikat berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror vakolatlari organ tomonidan so‘rovnoma qabul qilingan kundan boshlab 13 ish kunida qabul qilinadi.
Sertifikat olish uchun talabgor quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
shartnoma, qo‘shimcha kelishuv hamda ularning spetsifikatsiya nusxalarini;
shartnoma bo‘yicha bajarilgan majburiyatlarning hajmlarini tasdiqlovchi hujjatlarni.
Talabgordan ushbulardan boshqa ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Sertifikat berish uchun BHMning 90 foizi (270 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Sertifikat muddatsiz davrga beriladi.
Ma’lumot uchun, yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari — bu tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlardir.