Birinchi noyabrdan nimalar o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1-noyabrdan aholi va tadbirkorlar uchun yangi qulayliklarni taqdim etuvchi qanday hujjatlar kuchga kirishi haqida materialimizda tanishing.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistonda 1-noyabrdan aholi va tadbirkorlar uchun yangi qulayliklarni taqdim etuvchi bir qator hujjatlar kuchga kiradi. Sputnik materialida mazkur o‘zgarishlar va ularning mazmun mohiyati bilan tanishing.
Tibbiyot sohasida ta’lim olayotgan talabalar shifoxonalarda ishlashi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 1-noyabrdan shifoxonalardagi vakant lavozimlarga talabalarni ishga joylashtirishga ruxsat beriladi.Hukumatning 561-sonli qarori bilan, vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralarini ko‘radi.
Bunda hududiy tibbiyot muassasalaridagi shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi. U yerga talabalarni joylashtirish birinchi bosqichda 1-oktabrdan boshlab Surxondaryo viloyatida, ikkinchi bosqichda esa 1-noyabrdan boshlab respublikaning qolgan hududlarida olib boriladi.
DXM orqali nikoh tuzish va ajralish mumkin bo‘ladi
Nikoh tuzish va ajratishni qayd etish uchun arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 540-sonli qaroriga ko‘ra, huquqiy eksperiment Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali olib boriladi.
Nikohga kirish haqida ariza berilganda nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘inini xabardor qilish tartibi bekor qilindi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanadigan faoliyat turlari kengaytiriladi
Prezidentning PQ-366-sonli qarori bilan, yana 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
Avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
Rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
Uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
Maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
Gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
Tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
Yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
Uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
Kulolchilik.
Ipoteka oluvchilarga qo‘shimcha imtiyozlar
Prezidentning PQ-377-sonli qarori bilan, ipoteka krediti oluvchilarga qo‘shimcha soliq va boshqa imtiyozlar beriladi.
Unga ko‘ra, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat beriladi.
Ayrim mahsulotlar urug‘i eksportiga ruxsat berildi
Prezidentning 228-son farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi.
Bunda bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi.
Elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha yanada qulayliklar yaratiladi
Prezidentning PQ-357-sonli qaroriga ko‘ra, mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda to‘lov tizimlari operatorlariga axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, o‘zlarining mobil ilovalari orqali Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Identifikatsiyalovchi ID-kartaga joylashtirilgan elektron raqamli imzo kalitlari orqali Yagona portalning mobil ilovasida joriy etilgan elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bunda elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar "Elektron hukumat" tizimining yagona identifikatsiyalash axborot tizimi orqali identifikatsiya qilinadi.
Haydovchilarni tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi
Hukumatning 393–sonli qarori bilan haydovchilik uchun beriladigan tibbiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi va Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilganlarga subsidiya beriladi
Prezidentning PQ-366-sonli qarori bilan tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan BHMning 20 baravarigacha (6 mln so‘mgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan subsidiya ajratiladi.
Qurilish sohasidagi talablar soddalashtiriladi
Prezidentning 346-sonli qaroriga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, ular elektron reyestrga kiritilgandan so‘ng amalga oshiradi.
Qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan ko‘p kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilganidan so‘ng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni yoki tutash yer uchastkasini kamaytirish va tutash yer uchastkasida qo‘shimcha ko‘p kvartirali uy yoki umumiy mol-mulk bo‘lmagan obyekt qurish uchun o‘zgartirish kiritish taqiqlanadi.
Yagona tizimda ro‘yxatga olinmagan biznes tekshiruvlari taqiqlandi
Prezidentning PQ-374-sonli qaroi bilan, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
Bunda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.
Nazorat qiluvchi organlar “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishga joylashtiriladi
Hukumatning 590- sonli qaroiga muvofiq, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning mehnatga layoqatli va ishsiz bo‘lgan oila a’zolarini o‘zini o‘zi band qilish hamda bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatadi.