Xitoy O‘zbekistondagi pulli avtomobil yo‘llarini qurishda ishtirok etmoqchi

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llarini qurishga qiziqish bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Xitoy O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqida Transport vazirligi xabar berdi.
Transport vaziri o‘ribosari A.Mo‘minov Xitoyning "China Gezhouba Group Corporation" (CGGC) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalari atroflicha muhokama etildi.

“Xitoy kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirayotganligini ma’lum qildi”, - deyiladi xabarda.

Xorijiy kompaniya vakillariga mamlakatda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Xitoy komaniyasi loyihalar bo‘yicha o‘zining moliyaviy, texnik va boshqa takliflarini Transport vazirligiga taqdim etishni bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent-Andijon va Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘llari 2026 yilgacha qurib bitkazilishi ma’lum qilingan edi. Hozirda 2022-2026 yillarda transport sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 5 ta yirik loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda.