TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Seul shahri markazida yuz bergan fojia oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
“Davlatimiz rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi”, - deyiladi xabarda.
Shanba kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahri markazida Xellouin bayramini nishonlash vaqtida tiqilinch holati yuz berdi. Buning oqibatida halok bo‘lganlar 150 kishidan oshgan. Jumladan, bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan, yana biri esa kasalxonada.
Janubiy Koreyada milliy motam e’lon qilingan.