TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Prezidentning O‘RQ-798 sonli qarori bilan Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi.
Kodeksga ko‘ra, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari belgilandi.
Asosiy prinsiplar:
mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash;
mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;
mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;
mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi;
xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi.
Jumladan, mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.
Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari:
14 yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota-ona, shuningdek ko‘p bolali oilalardagi ota-onalar;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar;
“Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy ta’lim tashkilotlarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari;
Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar;
nogironligi bo‘lgan shaxslar;
pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar;
odam savdosidan jabrlanganlar.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi. Qonun kuchga kirishi bilan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.