Buxorodagi ishga marhamat monomarkazi va Rossiya universiteti hamkorlik qiladi - tafsilotlar

Nijniy Novgorod Davlat Universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anna Toroxova Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Buxorodagi “Ishga marhamat” monomarkazi Nijniy Novgorod Davlat Universiteti bilan hamkorlik qilishi mumkin. Bu haqida Universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anna Toroxova ma’lum qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Nijniy Novgorod Davlat Universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Anna Toroxova Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi
“Monomarkaz faoliyati menga juda yoqdi. Ayniqsa, har bir xonaning mukammal tarzda jihozlangani, tajribali mutaxassislar tomonidan darslarning olib borilishi, har bir tinglovchiga alohida e’tibor berilishi, darslarning eng so‘nggi texnologiyalar asosida olib borilishi diqqatimizni tortdi. Bizda 17 ta jahon tilini tezkorlik bilan o‘rgatish bo‘yicha 600 dan ortiq dasturlar mavjud. Muhokamalarda bu bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni tavsiya qildim”, deydi Anna Toroxova.
“Ishga marhamat” monomarkazi direktori Alixan Umarovning so‘zlariga ko‘ra, Anna Toroxovaning taklifi markaz uchun ham foydali.
“Shu o‘rinda ushbu qisqa muddatda jahon tilini o‘rgatish dasturi bo‘yicha pedagoglarni qayta tayyorlash masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni amalga oshiramiz”, deydi u.
Aytilishicha, joriy yilda ushbu markaz bitiruvchilari, kasbga ega bo‘lgan aholi, nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun kasbiy malakani baholash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi bir vaqtning o‘zida 560 o‘rinli quvvatga ega. Monomarkazda 8 ta xizmat turi bo‘yicha jami 24 turdagi kasbga o‘qitilmoqda. 4 ta xorijiy (rus, ingliz, koreys, yapon) tillarni o‘rgatish hamda tadbirkorlik asoslari, migratsiya ko‘niktirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.