Texnikum va kollej o‘quvchilariga to‘lov-shartnoma berish raqamlashtirildi

Endilikda maxsus platforma orqali shartnomani osongina yuklab olish mumkin – tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Texnikum va kollej o‘quvchilariga to‘lov-shartnoma berish raqamlashtirildi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, vazirlik tizimida barcha jarayonlar raqamlashtirilib, abituriyentlar va talabalarga qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Davlat test markazining maxsus platformasidan kunduzgi, sirtqi, kechki hamda dual ta’lim shakli bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan va birinchi bosqichga tavsiya etilgan texnikum va kollej o‘quvchilariga to‘lov-shartnoma berish jarayoni to‘liq raqamlashtirildi.
“Endi o‘quvchilar to‘lov-shartnomalarni elektron shaklda, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn olishlari mumkin”, deyiladi xabarda.
Buning uchun vazirlikning prof-kontrakt.edu.uz platformasidan foydalangan holda shartnomani osongina yuklab olish talab etiladi.
Ma’lumot uchun, 15-oktabr kuni texnikum va kollejlarga kirish test sinovining yakuniy tanlov natijalari e’lon qilingandi. Test sinovi kasb va mutaxassislikka mos 2 ta fan va barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan 3 ta fan (ona tili, matematika, O‘zbekiston tarixi) dan o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, OTMlarning barcha bosqich talabalari (bakalavr, magistr, superkontrakt) uchun ham to‘lov-shartnomani onlayn yuklab, to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan edi.