TOShKENT, 28 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ekologiya sohasidagi xodimlardan iborat ishchi guruhi tarkibi shakllantiriladi. Bu haqida Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov Rossiyaning “Eco-Spectrum” korxonasi bosh direktori O.Davletova hamda texnik direktori G.Aydogan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda keyingi yillarda O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi hamda chiqindilarni qayta ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritilib, o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv quyidagi hamkorlikka kelishib olindi:
Davlat ekologiya qo‘mitasi va korxona xodimlaridan iborat ishchi guruhi tarkibini shakllantirish;
Qattiq maishiy chiqindilarni saralash va tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish holatini o‘rganish;
Keyingi yillarda hududlarda o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan uskuna va texnikalarga bo‘lgan texnik topshiriq loyihalarini ishlab chiqish.
Aytilishicha, O‘zbekistonda chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan korxonalar soni yanada ortib bormoqda. Bu turdagi korxonalarning zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanishi ish samaradorligini oshirishi barobarida atrof-muhit muhofazasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzgi sessiyasida MDH parlamentariylari bir qator ekologik qonunlarni qo‘llab-quvvatlashdi. Parlament a’zolari “Ekologik xavfsizlik to‘g‘risida”, “Ekologik axborotdan foydalanish to‘g‘risida”, “Ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilari to‘g‘risida”, “Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi namunaviy qonunlarning yangi tahriri loyihalarini Assambleya yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun MDH PA Kengashiga yuborishadi.