TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalarining ayrim talabalari Davlat test markazida stajirovka o‘tashi va keyinchalik u yerda o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Davlat test markazi tomonidan davlat xizmatiga eng munosib kadrlarni tanlash va istiqbolli kadrlarni tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yosh mutaxassislarni tanlash” dasturi ishlab chiqildi.
“Mazkur dastur oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kursi (bakalavriat, magistratura) da o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, ularning stajirovkasini tashkil etish va keyinchalik zaxiraga kiritish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi”, deyiladi xabarda.
Stajirovkada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha tahsil olayotgan bitiruvchilar ishtirok etishi mumkin.
Buning uchun ular maxsus telegram botga (@stajyor_bot) o‘zlari to‘g‘risida ma’lumotnoma (obektivka) yuborishlari kerak.
Hujjatlar 1-noyabrdan 10-noyabrga qadar qabul qilinadi.