TOShKENT, 28 okt - Sputnik. Bugun Ostonada bo‘lib o‘tgan MDH bosh vazirlari majlisida Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bosh vazirlari Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda cheklovlarni olib tashlash va proteksionizmning oldini olishga chaqirdi.
Rossiya ishonchli hamkor
Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya jahon iqtisodiyotidagi og‘ir davrlarga qaramay, MDH hamkorlari uchun ishonchli ittifoqchi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
"Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro hamkorlik rivojlanishda davom etmoqda. Rossiya ishonchli ittifoqchi va savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Biz yaqin qo‘shnilarimiz manfaatlariga e’tibor va hurmat bilan qaraymiz", — dedi Mishustin Ostonadagi MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida.
Uning qayd etishicha, hozir jahon iqtisodiy tizimi og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda va bunga kollektiv G‘arbning proteksionistik choralari va Rossiya va Belarusga qarshi bir tomonlama noqonuniy sanksiyalar qo‘llash istagi sabab bo‘lmoqda.
Mishustin, shuningdek, MDHning iqtisodiy makonining jiddiy rivojlanish salohiyatiga ega ekanligini va Rossiyaning MDH davlatlari bilan savdosi so‘nggi bir yilda sezilarli darajada oshganini ta’kidladi.
Xususan, 2021-yilda Rossiya - MDH tovar ayirboshlash 30 foizdan ko‘proqqa, 2022-yilning 7 oyida esa yana 6 foizga oshdi. Jumladan, eksport qariyb 25%ga o‘sib 65 milliard dollardan oshdi, import ham 25 % o‘sib, qariyb 32 milliard dollarga yetdi.
Rossiya bosh vaziri MDHda erkin savdo, iqtisodiy faoliyat yuritish va sarmoya kiritish to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralarni yakunlash muhimligini ta’kidladi.
Qozog‘iston MDHning faol a’zosi
Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov Qozog‘iston MDHning faol ishtirokchilaridan biri ekanligini va Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u o‘tgan yillar davomida tashkilot o‘zining dolzarbligini isbotlaganini, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning mustahkam poydevoriga aylanganini aytib o‘tdi.
– Ko‘p qirrali hamkorlik o‘zaro ishonch, pragmatizm va manfaatlar muvozanatini saqlash tamoyillarini hisobga olgan holda quriladi, – dedi Alixon Smoilov.
Vazir MDH mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik jahon iqtisodiyotidagi salbiy tendensiyalarni kamaytirishga yordam berishini, o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qirg‘iziston importga muhtojlikni kamaytirish tarafdori
Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov MDH mamlakatlari iqtisodiyotining tashqi bozorga bog‘liqligini kamaytirish va Hamdo‘stlik doirasida ishbilarmonlik aloqalarini jonlantirish tarafdori ekanini aytdi.
"Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan biz hamdo‘stlik umumiy iqtisodiyotida importga qaramlikni kamaytirishimiz mumkin. Buning uchun, birinchi navbatda, MDH va boshqa mamlakatlarda erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi shartnoma imkoniyatlarini to‘liq ochib berish kerak. Tovarlar harakati va sarmoya oqimi uchun shart-sharoitlarni maksimal darajada soddalashtirish kerak”, — dedi Japarov MDH davlatlari hukumat rahbarlari yig‘ilishida.
Eslatib o‘tamiz, bugun Ostonada MDH davlatlari hukumat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib zo‘tmoqda. Yig‘ilishda Bosh vazirlar Alixan Smailov (Qozog‘iston), Ali Asadov (Ozarbayjon), Roman Golovchenko (Belarus), Oqilbek Japarov (Qirg‘iziston), Mixail Mishustin (Rossiya), Kohir Rasulzoda (Tojikiston), Abdulla Aripov (O‘zbekiston) ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Armaniston vitse-prezidenti Megri Grigoran, Turkmaniston vitse-prezidenti o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov ham qatnashmoqda.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 10dan ortiq hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan.