TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Rossiya globalizatsiya emas integratsiya tarafdori, dedi Valday ekspertlar forumida so‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
Rossiya qo‘shni davlatlarning o‘zaro hamkorligiga asoslangan yirik hamkorlik mexanizmlarini faol ishga tushirishni muhim deb hisoblaydi.
“Rossiya iqtisodiyoti, ijtimoiy tizimi, resurs bazasi, infratuzilmasi bir-birini to‘ldiradigan qo‘shni davlatlarning o‘zaro hamkorligi asosida qurilgan yirik makonlar mexanizmlarini faolroq ishga tushirishni muhim deb biladi”, — dedi davlat rahbari Valday Munozara klubining yalpi majlisida.
Globalizatsiya bu har bir millatning o‘zligini yo‘qotish, har bir xalqqa "G‘arb modeli"ni majburlab tatbiq etishni nazarda tutsa, integratsiya buning aksi - u har bir millat potensialini ochishni va shu bilan umuminsoniy rivojlanishga hissa qo‘shishni nazarda tutadi.
"Globalizatsiya bu diktat bo‘lsa, integratsiya bu - hamma uchun foydali bo‘lgan umumiy strategiyalarni birga ishlab chiqishni anglatadi", - dedi Putin.
Insoniyat "menday bo‘l" yoki "menga o‘xsha" degan buyruqlar asosida rivojlanmaydi. Haqiqiy birlik har bir millatning o‘ziga xosligini avaylab-asrab qolgan holda muhim muammolarning yechimini birgalikda ishlab chiqqanda paydo bo‘ladi. Aynan shunday prinsiplarda uzoq muddatli hamkorlik quriladi.
"Kelajakda ana shunday yirik makonlar - ko‘p qirrali dunyoning asosiga aylanadi. Ularning muloqotidan insoniyatning haqiqiy birligi tug‘iladi. Va bunday birlik ayrim G‘arb mafkurachilarining soddalashtirilgan g‘oyalariga qaraganda ancha murakkab, o‘ziga xos va ko‘p qirrali bo‘ladi", - deya qo‘shimcha qildi Putin.
Yevropa bizning qit’amizda yagona sivilizatsi markazi emas. Undan tashqari qit’amizning asosiy aholisi ham uning Sharqida qadimiy madaniyat markazlari paydo bo‘lgan hududlarda yashaydi.
Yevroosiyoning asosiy qiymati shundaki - ushbu materik o‘ziga kerakli bo‘lgan barcha resurslarga va ulkan imkoniyatlarga ega. Yevroosiyoning ulkan istiqboliga tez rivojlanib borayotgan YeOII, ShHT "Bitta belbog‘ bitta yo‘l" loyihalari ham yaqqol isbot bo‘lishi mumkin.
Yevroosiyo qitasining g‘arbiy chekkasida joylashgan qismi ham ushbu makonga a’zo bo‘lishi mumkin edi, lekin ularning rahbarlari o‘zlarini boshqa xalqlardan ustun deb biladi va har qanday yangi loyihalarda boshqalar bilan teng huquqda qo‘shilishni istamaydi. Ularning kibri shunchalik balandki, hatto o‘zlari birovning vassaliga aylanib qolganini tushunmaydi.