Toshkent havosi sifati yomg‘irdan so‘ng "yashil" darajaga ko‘tarildi

IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Toshkent havosi dunyo shaharlari orasida havo sifati bo‘yicha 49 o‘rinda turibdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Toshkentda uzoq davom etgan yomg‘irdan so‘ng tog‘ havosi kabi musaffo muhit kuzatilmoqda. Bu haqida O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulahatov ma’lum qildi.
Bugun poytaxt havosi sifati soat 14:00 holatiga "yashil" darajaga ko‘tarildi.
Havo tarkibidagi barcha ifloslantiruvchi moddalar meyoriy qiymatlardan ancha past holatda qolmoqda.
IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Toshkent havosi dunyo shaharlari orasida havo sifati bo‘yicha 52 o‘rinda turibdi.
IQAir portali

“Shahar havosi xuddiki tog‘ havosi kabi toza muhitni taqdim etmoqda. Mazkur havoda tashqi muhitda sayr qilish, havodan to‘yib-to‘yib nafas olish kerak. Bu inson fiziologiyasi va qisman psixologiyasiga ham foydali”, - deydi Erkin Abdulahatov.

Eslatib o‘tamiz, 17-oktabr kuni Toshkent shahri atmosfera havosi mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi kuchaygandi. Bunga uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning bo‘lmagani va havo haroratining inversiyasi sabab bo‘lgan. IQAir portalida Toshkent dunyoda havo ifloslanish darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinda edi.