TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Kollej va texnikumlarda to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, kollej va texnikumlarda 2022/2023 o‘quv yili uchun barcha bosqichdagi o‘quvchilarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlari 2021/2022-o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi.
“To‘lov-kontrakt miqdorlari professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarga qulay sharoitlar yaratish, mamlakatimiz yoshlarini kasb-hunar egallashlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning ota-onalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamda aholi to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda, istisno tariqasida oshirilmaydi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yil kollej va texnikumlarga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 15 815 nafar o‘quvchi davlat granti asosida qabul qilindi.
Shuningdek, professional ta’lim muassasalariga ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari belgilangan tartibda qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Hukumatning 612-sonli qarori bilan nodavlat professional ta’lim litsenziyasini olish talablari soddalashtirildi. Unga ko‘ra, nodavlat professional ta’lim tashkilotlari uchun davlat mulki obyektlarini ijaraga olishning eng ko‘p muddati 5-yildan 10-yilgacha uzaytirildi.
Shuningdek, 2024-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat ta’lim tashkilotlari ijara to‘lovidan ozod etilgan.