TOShKENT, 26 okt — Sputnik. O‘zbekistonda hamshiralar maoshi oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidagi yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga tegishli qaror loyihasini tayyorlashni topshirdi.
Hujjat hamshiralarni o‘qitish va malakasini oshirish, mehnatiga haq to‘lash miqdorini oshirish, umuman, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish masalalarini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, prezident Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyatlar hokimlariga qator topshiriqlar berdi.
Jumladan:
ikki oy muddatda 300 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil qilish, kelgusi yil 1-martga qadar bunday tibbiyot punktlarini oilaviy poliklinikalardan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada ham barpo etish;
30 ta oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarini tashkil etib, ularni jihozlash, kelgusi yilda yana qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarini tashkil etish;
ikki oy muddatda onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha uch yillik dasturni ishlab chiqish, unda tug‘ruq bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tug‘ruq o‘rinlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, bolalarda tug‘ma nuqsonlarni oldini olish va erta aniqlash, maxsus dori vositalari bilan ta’minlash, Akusherlik-ginekologiya, Skrining va Reproduktiv salomatlik markazlarining yagona vertikal tizimini yaratishni nazarda tutish;
xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokara o‘tkazib, 640 ta tez yordam mashinasini xarid qilish;
ikki oy muddatda barcha ixtisoslashgan markazlarda kamida 10 tadan yangi yuqori texnologik davolash usullarini joriy qilish bo‘yicha dasturni qabul qilish;
ikki oy muddatda tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dasturni ishlab chiqish, unda 1 ming 117 ta tibbiyot muassasini qurish va kapital ta’mirlash, 668 tasining ichimlik suvi, issiqlik tizimi va elektr ta’minotini yaxshilash, 1 ming 870 tasiga 38 mingta yangi tibbiy jihozlar yetkazib berishni nazarda tutish topshirildi.
Avvalroq prezident sog‘liq saqlash sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab bergani xabar qilingan edi.