Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston prezidentini ushbu mamlakatning milliy bayrami - Respublika kuni munosabati bilan tabrikladi.
Sputnik
TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga ushbu mamlakatning milliy bayrami - Respublika kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqida O‘zbekiston yetakchisi matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Mirziyoyev o‘zbekistonliklar qardosh Qozog‘iston xalqining quvonchiga samimiy sherik ekanini ta’kidlab, Qasim-Jomart Toqayevga mustahkam salomatlik, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, Qozog‘iston xalqiga esa farovonlik, baxtu saodat va doimiy ravnaq tiladi.
Bugun, 25-oktabr kuni, Qozog‘istonda 13-yildan buyon birinchi marta Respublika kuni nishonlanmoqda. Bayram 2009-yilda bekor qilingandi, biroq bu yil prezident Qasim-Jomart-Toqayev tashabbusi bilan unga milliy bayram maqomi qaytarib berildi.