Shavkat Mirziyoyev IIO insonparvar va xalqchil tizimga aylantirilayotganini ma’lum qildi

Prezident ichki ishlar tizimi xodimlariga yo‘llagan tabrigida ichki ishlar organlari faoliyatini liberallashtirish, insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar tizimi xodimlari va faxriylarini 25-oktabr kuni nishonlanayotgan kasb bayrami bilan tabrikladi.
“Hech shubhasiz, xalqimiz sizlarni o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan, muqaddas qasamodiga sodiq insonlar deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni munosib e’tirof etadi”, - deya ta’kidlagan davlat rahbari.
Prezident bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakat xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash qanchalik muhim vazifa ekanini barcha yaxshi anglashini qayd etgan. Shu bois, keyingi yillarda ichki ishlar tizimini isloh qilishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.
Mirziyoyev IIV tizimidagi islohotlarga to‘xtalib, ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish, fuqarolarning hayoti, qadr-qimmati va mol-mulkini kibermakonda ishonchli himoya qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar asosida samarali metodikalar ishlab chiqilayotganini alohida ta’kidladi.
O‘tgan yildan boshlab jinoyat va huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha barcha ariza va xabarlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayd etuvchi “102” tizimi joriy qilindi. Viloyat markazlari va yirik tumanlarda 75 ta situatsion markazlarning tashkil etilgani ko‘cha va jamoat joylarida vaziyatni masofadan turib kuzatish hamda aholi osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan kuch va vositalarni samarali boshqarish imkoniyatini yaratdi.
“Hayotimizning barcha jabhalari qatori ichki ishlar organlari faoliyatini liberallashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralik muhitini kuchaytirish, insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, - dedi prezident.
Sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali fuqaroning shaxsini aniqlash uchun uni ichki ishlar organlariga olib kelish amaliyotidan voz kechib, elektron qurilma yordamida aniqlash tizimini joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili qabul qilingan “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida soha xodimlarida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, muomala madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar aholi bilan ishlash amaliyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
“Bugungi kunda mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, keyingi yillarda orttirgan tajribamizdan, ilg‘or xorijiy yutuqlardan foydalangan holda, sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish eng muhim vazifalardan biridir. Bu borada mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani hayotga tatbiq etishda avvalo xalqqa eng yaqin kasb egalari sifatida ichki ishlar xodimlarining o‘zlari barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishlari zarur, deb o‘ylayman”, - deya ta’kidlagan prezident.
Davlat rahbari o‘z tabrigida ichki ishlar tizimidagi islohotlarning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalq o‘zining kundalik hayotida sezishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini urg‘ulagan.