TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Bugundan O‘zbekistondagi pedagog kadrlar attestatsiyasining malaka (test) sinovlari boshlandi. Bu haqida Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi xabar berdi.
Aytilishicha, 14 ta hududda boshlangan malaka (test) sinovlarini real vaqt rejimida kuzatish mumkin.
Noyabr oyi so‘nggiga qadar davom etishi rejalashtirilgan sinovlar zarur shart-sharoitlar yaratilgan, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan binolarda o‘tkazilmoqda.
“Kompyuter orqali maxsus dastur yordamida o‘tkazilayotgan sinovlarni imtihon.tdi.uz sayti orqali real vaqt rejimida kuzatib borish mumkin. Attestatsiyada ishtirok etayotgan pedagoglar testni yakunlashlari bilan natija ekranda va ularning pedkadr.tdi.uz saytidagi shaxsiy kabinetlarida aks etadi”, deyiladi xabarda.
Sinovlarga kiruvchi har bir talabgor ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari tomonidan tekshirilmoqda. Bundan tashqari jarayonda shaffoflikni ta’minlash uchun mahalliy deputatlar, huquqni muhofaza qilish organlar xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etilgan.