TOShKENT, 25 okt — Sputnik. AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning siyosiy maydonga qaytishi Vashingtonning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi hozirgi kursini o‘zgartirishi mumkin, deb yozadi siyosatshunos Robert Farli “19FortyFive” nashri uchun maqolasida.
Muallifning ta’kidlashicha, Tramp Amerika siyosatida muhim kuch bo‘lib qolmoqda. Sobiq prezident Vladimir Putin bilan do‘stona munosabatda bo‘lgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, Farli Trampga qarshi sud jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlansa, sobiq prezident katta ehtimol bilan 2024-yilgi saylovlarda qatnashmasligi haqida ogohlantiradi.
“Hozirda Amerika siyosatida noodatiy tashqi siyosat konsensusi mavjud. Aksariyat nomzodlar uchun tashqi siyosat kun tartibini o‘z dasturiga kiritish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, ammo 2024-yilda bularning barchasi keskin o‘zgarishi mumkin”, deya xulosa qiladi Farli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp prezidentlik lavozimida qolganida Ukrainadagi vaziyat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishini aytgandi. Bungacha sobiq prezident Ukrainadagi inqirozga barham berish uchun zudlik bilan muzokaralar olib borishga chaqirgan, uning fikricha, aks holda vaziyat uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkin.