TOShKENT, 24 okt — Sputnik. AQSh prezidenti Jo Bayden va YeI davlatlari rahbarlari Vladimir Zelenskiy rejimiga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatib, yadroviy terrorizmning homiylariga aylanmoqda. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi spikeri Vacheslav Volodin ma’lum qildi.
“Kiyev rejimi yadroviy olimlarga “bomba” yaratishni buyurdi. U AESning muhim infratuzilmasini - Zaporojye va Kurskni o‘qqa tutishda davom etib, gumanitar falokat keltirib chiqarmoqda. AQSh prezidenti va Yevropa davlatlari rahbarlari Zelenskiy rejimiga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatib, yadroviy terrorizmning homiylari va sheriklariga aylanmoqda”, - deb yozdi Volodin o‘zining Telegram kanalida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington bundan 20-yil avval Usama bin Laden boshchiligidagi “Al-Qoida”* terrorchilari radioaktiv moddalarga ega bo‘lgani va “bomba” yaratishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot tarqatgan.
“AQSh va Yevropada shunday bomba qo‘llangan holda terrorchilik hujumi sodir etish xavfi 2011-yilgacha, ya’ni Usama bin Laden yo‘q qilinmaguncha mavjud bo‘lgan. Yadro terrorining usullari o‘zgarmaydi: Usama bin Laden qanday bo‘lsa, Zelenskiy ham shunday bo‘lib qoldi”, - deb ta’kidladi Volodin.
RIA Novosti manbalarining ma’lum qilishicha, Kiyev rasmiylari Rossiyani ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llaganlikda ayblash uchun Ukraina hududida kam quvvatli yadroviy qurol bilan provokatsiya uyushtirmoqchi. Turli manbalardan ma’lum bo‘lishicha, G‘arb kuratorlari rahbarligida Kiyev allaqachon ushbu rejani amalda amalga oshirishni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu AQSh, Fransiya va Turkiyadagi hamkasblariga Kiyev tomonining “bomba”dan foydalanish ehtimolidan xavotir bildirgan edi.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti