TOShKENT, 24 okt - Sputnik. Rossiya Qirg‘izistonga oziq-ovqat yordami sifatida 1890 tonna un va 60 tonna o‘simlik yog‘i berdi. Bu haqda RIA Novosti agentligiga Rossiyaning Bishkekdagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Qirg‘iziston elchixonasi hamda Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya vazirligi ishtirokida Rossiya oziq-ovqat yordamining navbatdagi partiyasini – 1890 tonna boyitilgan bug‘doy uni va 60 tonna o‘simlik yog‘ini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi”, deydi matbuot xizmati vakili.
Unga ko‘ra, oziq-ovqat BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari tomonidan mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda Qirg‘iziston viloyatlaridagi ehtiyojmand oilalar o‘rtasida tarqatiladi.
“Yetkazib berish Rossiya Federatsiyasining BMT Jahon oziq-ovqat dasturi fondiga 11 million dollar miqdoridagi ixtiyoriy maqsadli badallari doirasida amalga oshirildi”, deya qo‘shimcha qildi diplomatik missiya.
Qayd etilishicha, xuddi shunday aksiya noyabr oyi boshida Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida Rossiya Bosh konsulligi va Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili ishtirokida o‘tkaziladi.