Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi o‘tkaziladi

Xalqaro haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyatini yuzaga chiqarish.
Sputnik
TOShKENT, 23 okt — Sputnik. 1–3 noyabr kunlari O‘zbekistonda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, xalqaro haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat ziyorat turizmi salohiyatini yuzaga chiqarish va O‘zbekistonni jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida tanitishdan iborat. Bundan tashqari, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirish rejalashtirilmoqda.
Haftalik dasturidan ziyorat turizmini rivojlantirish, mavzuga oid suvenirlarni targ‘ib etishga qaratilgan ko‘rgazmalar, seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Jumladan, haftalik dasturidan Samarqand shahridagi yangi “Ipak yo‘li” turistik markazining ochilishi, “Xiva – islom olami turizmi poytaxti” mavzusiga bag‘ishlangan Xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi, “Jahon ustalari” yarmarkasi va boshqa tadbirlar o‘rin olgan.
O‘zbekistonda ming 200 dan ziyod ziyoratgoh bor. Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni mamlakat turizm salohiyatini oshirishgan bag‘ishlangan yig‘ilishda ziyorat turizmini rivojlantirish, yiliga kamida 1 million sayyohni jalb qilish mumkinligini ta’kidlagan edi.