TOShKENT, 23 okt - Sputnik. Sirdaryo tumanidagi harbiy qism omborida sodir bo‘lgan hodisa oqibatida ko‘rilgan zararni aniqlash hamda ularni bartaraf qilish maqsadida tegishli vazirlik vaidoralar mas’ul vakillari hamda viloyat sektor rahbarlaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, harbiy qism yaqinida joylashgan mahallalar to‘liq qamrab olinib, xatlovdan o‘tkazildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 3 742 ta turar va noturar joylarning tomi, shifti, deraza va eshik romlariga qisman talafot yetgani aniqlandi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida kechaning o‘zida 2 ming kvadrat metr oynalar aholiga yetkazilib, o‘rnatib berildi.
“Bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 22-oktabr kuni soat 04:55 da Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Mudofaa vazirligi omborida yakka tartibda portlash sodir bo‘lgandi.