TOShKENT, 23 okt - Sputnik. BAAning Abu-Dabi shahrida dzudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Katta dubulg‘a” turnirida ishtirok etgan Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqda respublika Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sportchi finalda fransiyalik Astrid Gnetoga qarshi bahs olib bordi. Bellashuvda yevropalik dzudochining qo‘li baland keldi. Bu Keldiyorova uchun “Katta dubulg‘a” turnirlaridagi to‘rtinchi medal bo‘ldi.
Ushbu natija orqali Diyora jahon reytingi uchun 700, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 350 ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
Turnirda -73 kg vazn toifasida bahs olib borgan buxorolik sportchi Shahram Ahadov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Ahadov moldovalik Petru Pelivanni mag‘lub etishga 38 soniya sarfladi.
Shaxram Axadov
© NOK Uzbekistana
Ikkinchi bronza medali uchun kurashgan Obidxon No‘monov ispaniyalik Salvador Rokaga imkoniyatni boy berdi.
21 oktabr kuni boshlangan xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini 9 nafar sportchi himoya qilmoqda.