Xitoyda 4 nafar yirik siyosatchi Markaziy qo‘mitasining yangi tarkibiga kiritilmadi

Xitoy sobiq rahbari Xu Szintaodan tashqari yana 4 nafar yirik siyosatchi Markaziy qo‘mitaning yangi tarkibiga kiritilmadi.
Sputnik
TOShKENT, 22 okt - Sputnik. Xitoy Kommunistik partiyasining sobiq Bosh kotibi, Xitoy Xalq Respublikasining sobiq raisi Xu Szintao Pekindagi Xalq majlislari zalida bo‘lib o‘tgan Xitoy Kommunistik partiyasi 20-syezdining yopilish marosimida zalni muddatidan avval tark etdi. Bu haqda RIA Novosti muxbiri xabar berdi.
Bugun ertalab Xitoy Kommunistik partiyasi 20-syezdining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hozirgi Xitoy Kommunistik partiyasining Bosh kotibi Si Szinpinning chap tomonida o‘tirgan Xu Szintao yig‘ilish tugaguniga qadar ikki yigitning yordami bilan prezidiumni tark etdi.
79 yoshli siyosatchining majlis o‘rtasida zalni tark etishi sabablari haqida ma’lumot berilmagan.
Undan tashqari Kommunistik partiyaning yana 4 nafar yetakchilari ham yangi qo‘mita tarkibiga kiritilmagan. Bular Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsan, Butunxitoy xalq vakillari kengashi raisi Li Chjanshu, Xalq siyosiy maslahat kengashi milliy qo‘mitasi raisi Van Yang va Bosh vazir o‘rinbosari Xan Jeng.
Ularning barchasi 2023-yil martida bo‘lib o‘tadigan Butunxitoy xalq vakillari kengashi – parlament sessiyasidan so‘ng nafaqaga chiqadi. Siyosiy qo‘mitaning yetti nafar a’zosidan to‘rt nafarining ketishi - yosh avlod uchun o‘rinlar bo‘shatilganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Xu Szintao 2002—2012-yillarda Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi, 2003—2013-yillarda esa Xitoy Xalq Respublikasi raisi lavozimlarida ishlagan, ikkala lavozimda ham uning o‘rnini Si Szinpin egallagan edi.