Portlash oqibatida binolarga yetkazilgan zarar o‘rganilmoqda - Sirdaryo viloyati hokimligi

Ta’kidlanishicha, barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Sputnik
TOShKENT, 22 okt - Sputnik. Sirdaryo tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli omborda yakka tartibda portlash sodir bo‘lishi oqibatida hududga yaqin joylashgan bir nechta aholi xonadonlari va do‘konlarning oynalari singan, binolarning ayrim yengil konstruksiyalariga ham zarar yetgan. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
“Hodisa oqibatida xalok bo‘lganlar yo‘q. Jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda viloyat sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda harbiy qism atrofida joylashgan mahallalar qamrab olinib, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, korxona, muassasa va tashkilotlarga yetkazilgan zararni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.