TOShKENT, 22 okt - Sputnik. Yaqin kelajakda o‘zbekcha so‘zlashuvchi ovozli yordamchi paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqida jurnalist Aziza Qurbonova o‘z telegram kanalida xabar qildi.
Dunyoda ommaviy bo‘lib ulgurgan bir necha ovozli yordamchilar bor. Bular Applening Siri, Yandeksning Alisa, Google ning “Ok Google” Amazonning Alexa va boshqa tizimlari.
Lekin ularning barchasining ikkita jiddiy nuqsoni bor: ularning bari xususiy kompaniyalarga tegishli va ular o‘zbek tilini bilmaydi.
“Aziza” esa – Mozilla kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bepul platformada yaratilmoqda va u o‘zbek tilida so‘zlashishni biladi.
Ayni damda bir guruh tashabbuskorlar o‘zlarining bo‘sh vaqtida “Aziza”ga o‘zbek tilini o‘rgatishmoqda. Uzbekvoice caytida aytilishiga ko‘ra, buning uchun kamida 270 ming jumla va kamida 300 ming soat ovoz yozib olish kerak ekan. Ushbu jarayonga har bir kishi o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Tafsilotlari bilan quyida tanishing.