TOShKENT, 22 okt – Sputnik. Qo‘shma Shtatlar Yevropaga 101-havo-desant diviziyasini harbiy mashg‘ulotlarda qatnashish uchun joylashtirdi. Diviziya qo‘mondoni, Ukraina hududiga kirishga tayyorligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda CBS News.
Ma’lumot uchun, AQSh armiyasining 101-havo-desant diviziyasi Rossiya va AQSh boshchiligidagi NATO harbiy alyansi o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytda qariyb 80-yil ichida ilk bor Yevropaga joylashtirildi.
“Harbiy kuchlar qo‘mondoni CBS News telekanaliga bergan intervyuda bir necha bor ular erta tundayoq jang qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan. Ular NATO hududini himoya qilish uchun kelgan bo‘lsa ham, agar harbiy mojaro kuchaysa yoki NATOga hujum qilinsa, ular chegarani kesib o‘tib Ukraina hududiga kirishga to‘liq tayyor”, — deyiladi xabarda.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, “Qichqiroq burgutlar” 101-havo-desant diviziyasi Ruminiya hududida joylashgan umumiy soni 4,7 ming askardan iborat yengil piyodalar guruhidir.
Eslatib o‘tamiz, AQSh rasmiylari amerikalik harbiy xizmatchilar Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda qatnashmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Avvalroq AQShning NATOdagi elchisi Julian Smit NATO Ukrainadagi mojaroda bevosita ishtirok etmasligi va pozitsiya o‘zgarishsiz qolayotganini tasdiqlagan edi.