TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Bugun va ertaga havo iliq bo‘ladi, yakshanba kuni esa yomg‘ir yog‘adi hamda harorat yana pasayadi.Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo kam bulutli va biroz iliq bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo harorati 23...25 darajagacha ko‘tariladi, bu meyordan biroz yuqoridir.
Ertaga respublika hududining katta qismiga Turkmaniston hududlaridan iliq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo bo‘ladi, harorat foni yana ko‘tariladi va kechasi 7...12 daraja iliqni tashkil etadi, kunduzi havo 25....27 darajagacha, janubda 29 darajagacha isiydi, bu meyordan biroz yuqoridir.
Respublika shimoliga esa Volga bo‘yi hududlaridan antisiklon kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, buning hisobiga ushbu hududlar bo‘yicha kunduzi havo harorati 13...15 darajagacha pasayadi.
Yakshanba kuni respublika hududining katta qismida havo bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Bunday ob-havoni antisiklon belgilaydi va respublikaning barcha hududlari uning ta’siri ostida bo‘ladi. Havo harorati kechasi 9...14 iliq bo‘ladi, kunduzi 12...15 darajagacha pasayadi, bu ushbu kunning o‘rtacha iqlimiy meyoridan 8...0 ga pastdir.
21-22 oktabr kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 23-oktabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda.