TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Rossiyalik olimlar guruhi hujayra terapiyasi yordamida tirik organizmlar to‘qimalarini "ta’mirlash" samaradorligini oshirish yo‘lini topishdi, deya xabar bermoqda RIA novosti.
Hujayra terapiyasida organizmning biriktiruvchi to‘qimalari asosini tashkil etuvchi kollagen oqsilini ishlab chiqaradigan hamda uning mustahkamligini ta’minlaydigan tirik fibroblast hujayralaridan foydalaniladi.
Odatda, bu hujayralar bemordan olinadi, laboratoriyada ko‘paytiriladi. So‘ngra shikastlangan to‘qimalarga inyeksiya yo‘li bilan yoki to‘qima muhandisligining bir qismi sifatida – transplantatsiya paytida tananing shikastlangan qismini almashtirish uchun ishlatiladigan to‘qima tarkibiga kiritiladi.
Fibroblastlardan foydalanish bilan bog‘liq asosiy muammolardan biri keksa bemorlarda bu hujayralarning bo‘linish tezligining pastligi hisoblanadi. Bundan tashqari, transplantatsiya paytida to‘qimalarda yallig‘lanish bilan kechadigan oksidlovchi stress natijasida hujayralarning muayan qismi nobud bo‘lishi mumkin.
Moskva fizika-texnika instituti, Rossiya Fanlar akademiyasining Moskva viloyati Pushchino shahridagi Hujayra biofizikasi instituti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va Kulakov nomidagi akusherlik, ginekologiya va perinatologiya milliy tibbiy tadqiqot markazi olimlari fibroblast hujayralarining yuzasiga polimer "rukzaklar" – ko‘p funksiyali peroksiredoksinli mikrokonteynlarni biriktirish orqali ularni o‘zgartirish modifikatsiya texnologiyasini ishlab chiqishdi.
Ta’kidlanishicha, peroksiredoksin “rukzaklar” qo‘shilishi oksidlanish stressi sharoitida fibroblastlarning hayotiyligini sezilarli darajada oshiradi.
Qolaversa, fibroblastlarni tanaga yetkazib berishning bu usuli ularning harakatchanligini oshiradi va kollagen ishlab chiqarish qobiliyatiga ijobiy ta’sir qiladi.
Tadqiqot mualliflarining fikricha, ushbu yondashuvdan foydalanish fibroblastlarning bemor organizmida yaxshiroq moslashishiga va transplantatsiya vaqtida ularning o‘lishining oldini olishga imkon beradi, bu esa hujayra terapiyasi samaradorligini oshiradi.