Hokimlar kadastr ishiga aralashishi taqiqlanadi - yangi qaror

Yangi qonunchilikka binoan, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga hokimlar tomonidan aralashish yoki ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yildan hokimlarning kadastr organlari ishiga aralashishi taqiqlanadi. Bu haqida prezidentning 405-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan Kadastr agentligining hududiy tuzilmalari faoliyatini tashkil etish bilan agentlik o‘zi shug‘ullanadi.
Hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyatini moliyalashtirish respublika budjetidan amalga oshiriladi.
Hududiy bo‘limlar, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga hokimlar tomonidan aralashish yoki ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.
Shuningdek,2023 yil 1-iyulgacha Kadastr agentligi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni “E-ma’muriy ish” tizimi orqali elektron ko‘rib chiqish imkoni yaratiladi.
Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:
Kadastr agentligi markaziy apparatida – Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi;
Kadastr agentligining hududiy boshqarmalarida – chegara masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi;
Toshkent geodeziya va kartografiya kollejida – Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi;
“Geoinnovatsiya markazi” DUK tuzilmasida – qiyoslash va kalibrlash laboratoriyasi, doktorantura faoliyati, Fazoviy ma’lumotlar sohasida standartlash boshqarmasi hamda Ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi.
Yangi o‘zlashtirilgan yerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga muvofiq viloyat hokimlari qaroriga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiritiladi.
Shuningdek qaror bilan 2023–2026 yillarda Kadastr agentligi faoliyatining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari va uning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra agentlik 25 169 gektar yer uchastkalarini o‘lchab ularning elektron xaritalarini yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, hokimliklarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish bo‘yicha ochiq elektron tanlov yakunlarini tasdiqlash vakolati chiqarib tashlandi.
Endi yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olingani to‘g‘risida Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan elektron ko‘chirma beriladi (ilgari guvohnoma).
Shuningdek, yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlari yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan xabardor qilgandan keyin yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritishi belgilandi.