TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Ashxobodda "Toshkent" bog‘i ochildi. Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Ashxoboddagi "Toshkent" bog‘ini tantanali ochib berishdi.
Ashxobodda "Toshkent" bog‘ini barpo etish to‘g‘risida Turkmanistonning o‘sha paytdagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2021-yilning 17-fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri A.Komilov bilan uchrashuvi chog‘ida ma’lum qilgan edi.
"Toshkent" istirohat bog‘i Ashxobod shahrining tarixiy markazida — sobiq "Gunesh" bog‘i o‘rnida, Maxtumquli shoh ko‘chasi bo‘ylab joylashgan.
Bu joy o‘ta ko‘rkam, gavjum va yashil maydonlarga boy. Uning hududida Vazirlar Mahkamasi, sirk va drama teatri binolari joylashgan.
Bog‘ni qurish uchun Turkmaniston budjetidan 21 million 150 ming manat (6,43 million dollar) ajratildi. Taxminan 28,6 ming metrkvadrat maydonda yashil maydonlar, gulzorlar va yo‘laklardan iborat landshaft barpo etildi.
O‘zbekiston poytaxtining diqqatga sazovor joylarining miniatura nusxalari bo‘lgan 20 dan ortiq obyektlar qad rostladi.
Bu yerda Toshkentdagi "Mustaqillik" maydoni, Oloy bozori, Toshkent teleminorasi va yana ko‘plab o‘zbekona maket va dekoratsiyalarni uchratasiz. Umuman, bog‘da o‘zingizni xuddi Toshkentda yurgandek his etishingiz uchun barcha muhit yaratilgan.