TOShKENT, 20 okt — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan xalqaro o‘zbek tili va adabiyoti fani olimpiadasida rossiyalik o‘quvchilar birinchi va uchinchi o‘rinnlarni egallashdi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Xalqaro o‘zbek tili va adabiyoti fani olimpiadasida 43 nafar chet ellik o‘quvchi onlayn formatda ishtirok etdi.
Olimpiada ishtirokchilari 15-17 yosh o‘quvchilar bo‘lib, ular Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, AQSh va Ukraina davlatlaridan qatnashishdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablarda tahsil olayotgan 968 nafar o‘quvchi-yoshlar ham ishtirok etdi.
“Olimpiada jarayonlari test shaklida o‘tkazilib, natijalarni baholashda o‘quvchilarning yakuniy to‘plagan bali va test topshiriqlarini yechish uchun sarflagan vaqtiga ustuvorlik berildi”, - deyiladi xabarda.
Olimpiada natijalari xorijiy fuqarolar va mamlakat fuqarolari uchun alohida baholandi va har bir yo‘nalishning 1-,2-,3 o‘rinlari bo‘yicha 6 nafardan, jami 12 nafar g‘olib aniqlandi.
G‘olib chet el fuqarolari:
1-o‘rin: Arslan Muminov (Rossiya);
2-o‘rin: Marjan Matoqubova (Qozog‘iston ), Muhammad Abduraximov (AQSh);
3-o‘rin: Elaluddin Ahmadi (Afg‘oniston), Tabassum Noori (Afg‘oniston), Zubayda Yuldasheva (Rossiya).
G‘olib O‘zbekiston fuqarolari:
1-o‘rin: Hayitgul Elmurodova;
2-o‘rin: Nozanin Zoxirova, Barakabonu Yusufiy;
3-o‘rin: Shahzoda Luqmonova, Dilbar Usmonova, Humoyun Valijonov.
Xalqaro o‘zbek tili va adabiyoti fan olimpiadasi g‘oliblariga tasdiqlovchi sertifikatlar ishtirokchilarning elektron manziliga yuborish orqali yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbir 18-oktabr kuni test sinovlari shaklida o‘tkazildi. Olimpiadaning maqsadi xorijiy davlatlar bilan fan va ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish orqali chet ellik yoshlarning o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini yuksaltirish va milliy madaniyatni keng targ‘ib qilishdan iborat.