TOShKENT, 20 okt — Sputnik. 19 oktabr kuni Toshkent shahrida “Afg‘oniston: mintaqaviy bog‘liqlik, xavfsizlik va rivojlanish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“Mazkur forum iyul oyida Toshkent shahrida oliy darajada o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish”mavzusidagi xalqaro konferensiyaning mantiqiy davomi bo‘lib, u tomonlarning Afg‘onistonning rivojlanishi va xavfsizligini mustahkamlash borasidagi fikrlari mushtarak ekanligini tasdiqladi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan.
Toshkent uchrashuvida Afg‘oniston, Pokiston, Eron, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston xavfsizlik organlari va razvedkaviy xizmatlari delegatsiyalari ishtirok etgan.
Tadbir qatnashchilariga prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrik xatini uning maslahatchisi - Spichrayter Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirgan.
“Xalqaro anjuman yakunida ishtirokchi davlatlar vakillari tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha yo‘nalishlar va aniq vazifalar belgilab olindi, shuningdek, global hamda mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan terrorizmga qarshi birgalikda qat’iy kurashishga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.