TOShKENT, 20 okt — Sputnik. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjonga bordi. U yerda Ozarbayjon mudofaa vaziri general-polkovnik Zokir Hasanov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy, harbiy-texnikaviy, harbiy-ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa bir qator masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2023-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasi imzolandi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik har ikki davlat armiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.