TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani hududidagi Maydanak tog‘larida tuz bilan davolash maskanlari paydo bo‘ladi. Bu haqida Qamashi tuman hokimligi xabar berdi.
Aytilishicha, Qamashi tumani Kon qishlog‘ida tabiiy tuz g‘orlar mavjud. Ushbu g‘orlarda Xo‘jaikon tajribasini o‘rgangan holda tibbiy sayyohlar uchun qulay sharot yaratish va Maydanak dam olish maskanida sun’iy tuz uylar qurish rejalashtirilgan.
Tuz g‘orlarini tayyorlash ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
Tuz g‘orlari
© Qamashi tuman hokimligi
Ma’lumot uchun, dunyo olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra tuz g‘orlarida qulay mikroiqlim yuzaga keladi. Ushbu mikroiqlim insonlarda uchraydigan ko‘plab kasalliklarning bartaraf bo‘lishida muhim ahamiyatga egadir.
Tuz bilan davolash tibbiyotda galoterapiya deb atladi. Bu davolash usuli dunyoda keng tarqalib bormoqda. Xususan, tibbiyotda galoterapiya qarish jarayonlarini sekinlashtirishi isbotlangan. Ko‘plab davlatlarda sun’iy tuz g‘orlari mikroiqlimini hosil qilish orqali bemorlar davolanadi.