Kolumbiya prezidenti AQShni jahon iqtisodiyotini vayron qilishda aybladi

Siyosatchining fikricha, Yevropa iqtisodiyoti qit’ada “ruslar, ukrainlar, yevropaliklar gaz va energiya uchun urush boshlaganidan” keyin tanazzulga yuz tutmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqa davlatlarni hisobga olmay, o‘zini himoya qilish uchun jahon iqtisodiyotini vayron qilmoqda. Bu haqda Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro ta’kidladi.
“Inkor etib bo‘lmaydigan iqtisodiy inqiroz yaqinlashmoqda. Qo‘shma Shtatlar aslida dunyodagi har bir iqtisodiyotni vayron qilmoqda”, deydi Petro.
Kolumbiyalik siyosatchining fikricha, Yevropa iqtisodiyoti qit’ada “ruslar, ukrainlar, yevropaliklar gaz va energiya uchun urush boshlaganidan” keyin tanazzulga yuz tutmoqda - Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Fransiya inqirozga uchradi.
“Qo‘shma Shtatlar ba’zan ularning oqibatlari haqida o‘ylamasdan, o‘zini himoya qilish choralarini ko‘radi. Lotin Amerikasi davlatlarining iqtisodiyoti bo‘m-bo‘sh, Lotin Amerikasi talon-taroj qilingan. Nafaqat Kolumbiya pesosi, balki bizning barcha valyutalarimiz tushmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Petro.
G‘arb Ukraina tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi, bu esa Yevropa va Qo‘shma Shtatlarda elektr energiyasi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir. Rossiya Federatsiyasi G‘arb o‘zi uchun yaratayotgan barcha muammolarni Rossiya hal qilishini bir necha bor ta’kidlagan.