TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Qozog‘iston ochiq chempionatining navbatdagi turida Toshkentning "Humo" xokkey klubi Petropavlovskning "Kulager" jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Bu haqida Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, 18-oktabr kuni Qozog‘iston ochiq chempionatining navbatdagi turi o‘tkazildi.
Turnir jadvalida yonma-yon borayotgan jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv 3:1 hisobida "Humo" foydasiga yakunlandi.
Xokkeychilar g‘alaba qozonishganiga qaramasdan jadvaldagi o‘rni o‘zgarishsiz qoldi, ochkolari soni o‘n to‘rttaga yetgan "qanotlilar" ayni damda oltinchi o‘rinda borishmoqda. "Kulager" ham 15 ochko bilan 5-o‘rinni saqlab qoldi.
Ma’lumot uchun, "Humo" jamoasi bugun 19:00da "Kulager"ga qarshi ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning “Humo” xokkey klubi ikki yillik tanaffusdan keyin yana xalqaro turnirda ishtirok etmoqda. Yangi mavsumni Qozog‘iston ochiq chempionatida boshlagan klub ilk turni “Nomad” jamoasiga qarshi o‘tkazgan.