Sovuq ob-havoda o‘quvchi qizlarga shim kiyishga ruxsat beriladi – XTV

Vazirlik mutasaddilari sovuq havoda o‘quvchi qizlarning kiyinishi yuzasidan ota-onalar tomonidan yo‘llangan murojaatga rasmiy izoh berdi.
Sputnik
TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Sovuq ob-havo sharoitida o‘quvchi qizlarning maktabga shim kiyishlariga ruxsat beriladi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Vazirlik mutasaddilari sovuq havoda o‘quvchi qizlarning kiyinishi yuzasidan ota-onalar tomonidan yo‘llangan murojaatga rasmiy izoh berdi.
“Sovuq ob-havo sharoitida o‘quvchi qizlarga maktab formasiga mos klassik uslubdagi shim kiyishga ruxsat beriladi”, deyiladi xabarda.
Bunda oddiy klassik bichimda shimlar nazarda tutilmoqda.
Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda 10-avgustdan boshlab maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida har bir tuman (shahar) markazida maktab yarmarkalari tashkil etildi.
O‘zbekistonda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilingan.