O‘zbek filmlari Turkiya xalqaro kinofestivalida ishtirok etadi

Mazkur festivalb ilk marta o‘tgan yili Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan. Unga 13 ta davlatdan yuzdan ortiq kino ijodkorlari tashrif buyurgan.
Sputnik
TOShKENT, 19 okt — Sputnik. O‘zbek kinosi ijodkorlari “Qo‘rqut ota” Xalqaro turkiy tilli mamlakatlar kinofestivalida ishtirok etadi. Bu haqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir guruh o‘zbek kinosi ijodkorlari 1-6 noyabr kuni Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tadigan “Qo‘rqut ota” xalqaro kinofestivaliga yo‘l olishadi.
Festivalning konkurs dasturida kinorejissor Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati” badiiy filmi g‘oliblik uchun kurashadi. Shuningdek, Akram Shoxnazarovning “101-reys” hamda Rustam Sa’diyevning “Baron-2. Sog‘inch” badiiy filmlari namoyishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, festival IX-X asrlarda Sirdaryo sohilidagi dashtlarda yashab o‘tgan o‘g‘uz turklarining mashhur shoiri, baxshisi Qo‘rqut ota (Dede Korkut) sharafiga nomlangan. Qo‘rqut ota qadim musiqiy asbob — qo‘bizning ixtirochisi ham sanaladi.
Mazkur festivalb ilk marta o‘tgan yili Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan. Unga 13 ta davlatdan yuzdan ortiq kino ijodkorlari tashrif buyurgan. Xalqaro anjumanda Turkiyadan tashqari Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriya, Gagauziya, Eron, Ukraina va Shimoliy Kiprdan kino ustalari ishtirok etishgan edi.
42 ta film qatnashgan konkurs dasturida ikki o‘zbek filmi e’tirof etilgandi. Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmi jurining maxsus unvonini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Ali Hamroyevning “Xalq jasorati” filmi hujjatli filmlar kategoriyasida ikkinchi o‘rinni egallagan.