TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaz xabi yuzasidan kelishib olganini ma’lum qildi.
“Hozir Yevropa kelayotgan qish mavsumida o‘zini energiya bilan qanday ta’minlash borasida bosh qotirmoqda. Bizda bunday muammo yo‘q. Qolaversa, janob Putin bilan so‘nggi uchrashuvimizda biz Turkiyada gaz xabini yaratishga kelishib oldik. Uning ma’lum qilishicha, Yevropa Turkiya orqali Rossiya gazidan foydalanishi mumkin”, - dedi Erdog‘an hukmron "Adolat va taraqqiyat" partiyasining parlamentdagi yig‘ilishida.
11 oktabr kuni Vladimir Putin Moskvada bo‘lib o‘tgan energetika forumida Turkiyada gaz xabi yaratish taklifini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunday qaror iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq, shu bilan birga uning xavfsizlik darajasi ancha yuqori.
Bir necha kun avval turkiyalik hamkasbi Erdog‘an bilan uchrashuvda Putin gaz xabi yaratilishi bilan narxlarni “hech qanday siyosiy ohanglarsiz oddiy, bozor darajasida” xotirjamlik bilan tartibga solish mumkinligini ta’kidladi.