Bayden xatosi tufayli Ukrainaning taqdiri Rossiya qo‘lida – AQSh OAV

Kiyev qon to‘kilishini to‘xtatib, Moskva bilan maksimal darajada tinchlik o‘rnatishi kerak, deydi muallif.
Sputnik
TOShKENT, 19 okt — Sputnik. AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Amerikaning cheksiz qudratiga noto‘g‘ri ravishda ishonishi Ukraina taqdirini Rossiya qo‘liga topshirdi. Bu haqda Duglas Makgregor “The American Conservative” jurnalida chop etilgan maqolasida yozmoqda.

“Vashingtondagi siyosatchilar agar bu Rossiyani yo‘q qilish uchun bo‘lsa, har qanday huquqbuzarlikni amalga oshirishga tayyor”, deyiladi nashrda.

Muallifga ko‘ra, Ukrainaning yo‘qotilgan hududlarini qaytarib olish istiqbollari dushvor ekani hisobga olinsa, uning kelajagi endi Rossiyaning qo‘lida.
“Vashington uchun ma’naviy jihatdan mas’uliyatli va amaliy javob bor: Kiyev qon to‘kilishini to‘xtatib, Moskva bilan maksimal darajada tinchlik o‘rnatishi kerak. Afsuski, Qo‘shma Shtatlar uchun bunday yechimni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Vashington, uning NATOdagi ittifoqchilari va ukrainaliklar hech qanday strategik narsaga erisha olmaydi va Rossiya katta ehtimol bilan kuchayadi. Qo‘shma Shtatlar bundan pushaymon bo‘ladi”, deya xulosa qildi Makgregor.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha harbiy maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasini “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yakuniy maqsad Donbassni ozod qilish va Rossiyaning o‘zi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.