TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 18-19 oktabr kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi.
Konferensiya "Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegaralar xavfsizligi hamda chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik" mavzusida bo‘lib o‘tadi.
Tadbir Tojikiston Respublikasi hukumati, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Saudiya Arabistoni Podsholigi va Qatar Davlati tomonidan tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Norov Qozog‘iston poytaxtida o‘tgazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etgan edi. Unda vazirlar MDH doirasidagi xalqaro hamkorlik va o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, bir qator hujjatlarni imzolashgandi. Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirlari kengashi kun tartibidagi 7ta hujjat bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan.
Bunday hujjatlar orasida 2023-yilga mo‘ljallangan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida ko‘p bosqichli TIVlararo maslahatlashuvlar rejasi ham bor. Unda an’anaviy ravishda tashqi siyosatni rejalashtirish, Hamdo‘stlik davlatlarining BMTdagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirish, boshqa xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarga oid mavzular kiritilgan.