TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Jahon hamjamiyati Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Bu haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyada ma’lum qildi.
Vazir o‘z so‘zida Afg‘onistonni izolyatsiya qilish mintaqa va xalqaro hamjamiyat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini qayd etdi.
U Afg‘onistonning iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarida ishtirok etish muhimligi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi rivojlanish istiqbollari Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liqligini qo‘shimcha qildi.
Norov Ostonada o‘tkazilgan sammitda Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tashabbus haqida gapirar ekan, uning asosida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillar guruhini tuzish va muhokama qilish, ushbu mamlakat bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar hamda tashabbuslarni taklif qilish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, u Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha BMTning mintaqaviy vakolatxonasini ochishni muhim deb hisobladi.
Norovning aytishicha, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash mintaqaviy va global miqyosda muvofiqlashtirilgandagina muvaffaqiyat qozonadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Dushanbe shahrida "Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegaralar xavfsizligi hamda chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik" mavzusida konferensiya o‘z ishini boshladi.