TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Afg‘onistondagi terrorchi tashkilotlarning pozitsiyalari Yaqin Sharqdan jangarilarning olib o‘tilishi bilan mustahkamlanmoqda. Bu haqda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan terrorizmga qarshi kurashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya chog‘ida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilarning Afg‘onistonga o‘tkazilishi butun mintaqa uchun tahdiddir.
“Hozirgi sharoitda Yaqin Sharqdan terrorchi jangchilarning boshqa mintaqalarga ko‘chirilishi va shu munosabat bilan Afg‘onistonda xalqaro terrorchilik tashkilotlari pozitsiyalarining mustahkamlanishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda”, - deydi Rahmon.
Tojikiston prezidenti xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning salmoqli ishlariga qaramay, mamlakatlarda ushbu xavfli hodisani aniqlashda yagona terminologik va huquqiy yondashuv mavjud emasligini ta’kidladi.
Rahmon barcha manfaatdor tomonlar terrorizm va ekstremizmning batafsil talqinini qabul qilmaguncha, bu aksilinsoniy hodisalarga qarshi kurashda mamlakatlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirib bo‘lmasligini ta’kidladi. U bu tahdidlarga qarshi kurashda umumiy yondashuvlar zarurligini qayd etdi.