YeI gaz narxiga maksimal chegara belgilashdan bosh tortdi - “Bloomberg”

Ta’kidlanishicha, Yevropa Komissiyasi suyultirilgan gaz uchun yangi narxlar indeksini ishga tushirmoqchi.
Sputnik
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Yevropa Ittifoqi siyosiy kelishmovchiliklar tufayli gaz narxiga zudlik bilan maksimal chegara belgilashdan bosh tortdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg”.

“Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash choralarini ko‘rib, energiya inqirozini hal qilish uchun yangi favqulodda vaziyatlar paketini taqdim etmoqda. Biroq blok siyosiy kelishmovchiliklar va ta’minot xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar fonida gaz narxiga zudlik bilan cheklov qo‘yishdan tiyiladi”, - deb yoziladi xabarda.

Bundan tashqari, Yevropa Komissiyasi suyultirilgan gaz uchun yangi narxlar indeksini ishga tushirmoqchi. Ta’kidlanishicha, bu “Rossiyadan quvur orqali gaz yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin mintaqaning energetik voqeligini yaxshiroq aks ettirishga” yordam beradi.
G‘arb davlatlari Rossiyaning energiya eksportidan keladigan daromadlarini cheklash bo‘yicha turli choralarni muhokama qilishda davom etmoqda. Oktabr oyi boshida Yevropa Ittifoqining sakkizinchi sanksiyalari to‘plami kuchga kirdi, u Rossiya neftini dengiz orqali tashish uchun narx chegarasini belgilash uchun qonunchilik bazasini o‘z ichiga oladi.
Biroq, gaz narxlarining maksimal chegarasini joriy etish ittifoqning barcha a’zolari o‘rtasida hali o‘zaro tushunish topa olgani yo‘q – masalan, Vengriya energiya ta’minoti xavfsizligiga tahdid soladigan takliflarni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin narxlarning yuqori chegarasi g‘oyasini izohlar ekan, agar bu uning manfaatlariga zid bo‘lsa, Rossiya chet elga hech narsa yetkazib bermasligini ta’kidladi. “Gazprom” rahbari Aleksey Miller, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi tomonidan narxlarni bir tomonlama cheklash shartnomaning muhim shartlarini buzish bo‘lishini va bu yetkazib berishni to‘xtatishga olib kelishini aytdi.