TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Bugun Andijon viloyatining Asaka va Paxtaobod, Samarqand viloyatining Nurobod tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
Xususan, Asaka tumaniga Bekzod Xamzayevich Ummatov hokimi etib tayinlandi. Bunga qadar u Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2003-yilda Toshkent moliya instituti, 2016-yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2004-yilda “O‘zuyjoyjamg‘armabank” davlat aksiyadorlik banki Sergeli filiali jamg‘arma kassa amaliyoti va valyuta ayirboshlash shahobchalari bo‘limining 7-sonli jamg‘arma kassa nazoratchisi vazifasidan boshlagan.
Ummatov Bekzod Xamzayevich
© Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati
Shuningdek, Sirojiddin Valikulovich Berdikulov Samarqand viloyatining Nurobod tumani hokimi etib tayinlangan. U 1979-yilda Samarqand viloyati, Jomboy tumanida tug‘ilgan. Mazkur tayinlovga qadar Sirojiddin Berdikulov Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
Sirojiddin Valikulovich Berdikulov
© Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati
Bundan tashqari, Azizbek Raximovich Latifjonov Andijon viloyatining Paxtaobod tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. U 1977-yilda Andijon viloyati Izboskan tumanida tug‘ilgan. Azizbek Latifjonov 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1994-yilda "O‘zbekiston sanoat-qurilish banki" ochiq aksiyadorlik tijorat banki Andijon viloyati bo‘limi pul almashtirish shoxobchasi kassiri vazifasidan boshlagan. Tayinlovga qadar u favqulodda vaziyatlar vazirining moddiy-texnika va moliya-iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Azizbek Raximovich Latifjonov
© Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati