TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Kiyev hukumati hujum operatsiyasini o‘tkazish uchun g‘arbiy viloyatlardan Ukraina janubiga qo‘shin va harbiy texnikani o‘tkazmoqda. Bu haqda “Biz Rossiya bilan birgamiz” harakati raisi, Zaporojye viloyati ma’muriyati bosh kengashi a’zosi Vladimir Rogov ma’lum qildi.
“Hozir biz Zelenskiy rejimi Ukraina Qurolli kuchlarining Polsha va Buyuk Britaniyada maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangarilarini Zaporojye va Xerson viloyatlaridagi aloqa chizig‘iga o‘tkazayotgani haqida ma’lumot olmoqdamiz”, - dedi Rogov.
Rogovning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev rasmiylari keng ko‘lamli hujum operatsiyasiga hozirlik ko‘rmoqda, chunki bugungi kunda Ukrainaning “Janub” guruhi harbiy-texnik jihatdan ham, shaxsiy tarkibi bo‘yicha ham eng jangovar, tajribali guruh hisoblanadi.
“Yaqin ikki hafta ichida hujumga urinish bo‘lishi mumkin, ammo biz uni qaytarishga tayyormiz”, dedi Rogov.
Ukraina harbiylari uchun mumkin bo‘lgan vazifalar sifatida u uchta yo‘nalishdagi hujumlarni ma’lum qildi: Xerson, Zaporojye atom elektr stansiyasi va Berdanskka.
“Ular orasida Xerson viloyatida Dneprning o‘ng qirg‘og‘i ustidan nazorat o‘rnatish va Xersonni egallash, Zaporojye atom elektr stansiyasini qo‘lga kiritish hamda Vasilyevka va Tokmakdan o‘tib Berdanskka yo‘l olishga urinish”, - dedi agentlik manbasi.
Rogovning ta’kidlashicha, bugungi kunda dushmanga muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini bermaslik uchun butun mudofaa chizig‘i kuchaytirilmoqda.
“Menimcha, bu faqat Zelenskiyning xohishi. Ular muvaffaqiyatga erisha olmaydi”, - dedi Rogov.
23-27 sentabr kunlari Ukrainaning ozod qilingan hududlarining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha referendumlar bo‘lib o‘tdi. Referendum natijalariga ko‘ra DXRda - 99,23%, LXRda - 98,42 %, Xerson viloyatida - 87,05 % va Zaporojye viloyatida - 93,11% aholi Rossiyaga qo‘shilishni yoqlab ovoz bergan.
30 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va DXR, LXR, Xerson va Zaporojye rahbarlari Rossiya tarkibiga yangi hududlarni qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolashdi.
3 oktabr kuni Rossiya Davlat dumasi, 4-oktabr kuni esa Rossiya Federal Majlisi Federatsiya kengashi bu shartnomalarni ratifikatsiya qildi.
5 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donesk va Lugansk xalq respublikalari, Zaporojye va Xerson viloyatlarini Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi tegishli qonunlarni imzoladi.