Ukraina AQSh xavfsizligini tahdid ostiga qo‘ydi – WSJ

Ta’kidlanishicha, Kiyevga ko‘rsatilayotgan yordam Stinger havo mudofaa tizimlari, M777 gaubitsalari va Javelin tankga qarshi raketa tizimlari kabi o‘q-dorilar va qurol-yarog‘lar zaxirasini tugatdi.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Ukrainadagi qarama-qarshilik AQShning Xitoyga qarshi urush olib borish qobiliyatini xavf ostiga qo‘yuvchi AQSh harbiy-sanoat sektoridagi zaif tomonlarni fosh qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” yozmoqda.

“Qo‘shma Shtatlar urush sharoitlariga yetarli darajada tayyor emas. Kiyevga ko‘rsatilayotgan yordam Stinger havo mudofaa tizimlari, M777 gaubitsalari va Javelin tankga qarshi raketa tizimlari kabi o‘q-dorilar va qurol-yarog‘lar zaxirasini tugatdi. Tayvan bo‘g‘ozidagi Xitoy bilan to‘qnashuvda AQShning qurolga bo‘lgan ehtiyoji Pentagon rejasidan oshib ketishi mumkin”, - deyiladi maqolada.

Bundan tashqari, gazetada qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar bunday vaziyatda yagona davlat emas.
“AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya qurolli kuchlari ishtirokidagi yaqinda o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlarda Britaniyaning uchinchi diviziyasi bir haftadan ko‘proq vaqt ichida mamlakatdagi muhim o‘q-dorilar zaxirasini tugatdi”, deb yozadi muallif Set Jons.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammoni hal qilish ko‘p vaqt talab qilishi mumkin.
“Patriot Advanced Capability PAC-2/PAC-3 havo va raketaga qarshi mudofaa tizimi va Tomahawk V qanotli raketasi kabi ba’zi turdagi raketalar va tizimlarni ishlab chiqarish taxminan ikki yil davom etishi mumkin. Ta’minot barqaror ko‘p yillik sarmoyani talab qiladi”, deya ta’kidladi kuzatuvchi.
Tayvan atrofidagi vaziyat avgust oyi boshida, AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Taybeyga safaridan keyin keskinlashdi. Orolni o‘z viloyatlaridan biri deb bilgan Xitoy tashrifda AQShning Tayvan separatizmini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rdi va keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.