Tez yordamda yolg‘on chaqiriqlar soni 2 baravarga kamaydi - SSV

Ammo ayrim hududlarda hamon yolg‘on murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. O‘zbekistonda bu yil “tez yordam”da yolg‘on chaqiriqlar soni 2 baravarga kamaydi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida so‘nggi yillarda “Tez yordam” xizmati faoliyatida yolg‘on va asossiz chaqiriqlar soni anchagina kamaydi.
Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashevning so‘zlariga ko‘ra, bu fuqarolarning tibbiy savodxonligi, shaxsiy mas’uliyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shu yilning 9 oyida “103” xizmatiga jami 4 ming 452 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi.
“Quvonarlisi, mazkur ko‘rsatkichni o‘tgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni 2 barobarga kamayganini ko‘rish mumkin. Ya’ni, o‘tgan yilning yanvar-sentabr oylarida bunday chaqiriqlar soni 8 ming 27 tani tashkil qilgan edi”, deyiladi xabarda.
Ammo ayrim hududlarda hamon yolg‘on murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Toshkent viloyati - 1 ming 208 ta;
Qashqadaryo viloyati - 590 ta;
Farg‘ona viloyati - 587 ta.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning 6 oyida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 2727 ta murojaat yolg‘on chaqiriq deb baholangan edi.