MDH davlatlari saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashi tuzildi

Kengashni tuzish O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ilgari surildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashini tuzish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqida MSK xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonning Ostona shahrida MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida MDHga ishtirokchi davlatlari Saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

"MDH doirasida maslahat organini tashkil etish tashabbusi MDHga a’zo davlatlar saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ilgari surildi", - deyiladi xabarda.

Maslahat kengashi o‘z faoliyati davomida quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
MDH ishtirokchi davlatlarning saylov organlari o‘rtasida saylov sohasidagi hamkorligini rivojlantirish;
Siyosiy jarayonlarni takomillashtirish;
Fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish;
Demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga ko‘maklashish.
Maslahat Kengashi MDHga ishtirokchi davlatlarining qonunchiligi va xalqaro majburiyatlari doirasida saylov va referendum o‘tkazish tajribasini hisobga olgan holda, ularda saylov jarayonini takomillashtirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda.